top of page

Korrupsiya va men


Avvalambor bu mavzuda to‘xtalar ekanman o‘zimga – o‘zim savol bilan murojaat qildim! Korrupsiya o‘zi nima? U o‘zi qanday illat bo‘ldiki, necha yillardir to‘xtamasdan ildiz otib kelmoqda. Biz tarixdan bilamizki, insonlar qadimdan shu illat bilan munosabatda bo‘lib kelishgan. Lekin ming afsuslar bo‘lsinkim bu jarayon hali ham davom etib kelmoqda. Bejizga korrupsiya taraqqiyot kushandasi deyilmaydi. Korrupsiya – bu jamiyatni, millatni, mamlakatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan illatdir. Afsuski, hayotda albatta har birimiz ertami – kechmi nohaqlikka, adolatsizlikka duch kelishimiz mumkin. Aytaylik sudyaning pora evaziga gunohkorni oqlab, begunohni qoralashi; davlat idorasida xizmat qilayotgan mas’ul shaxs pora evaziga fuqarolarning ishini “to‘g‘rilab” berishi kabi nohaqliklaru bedodliklar hayotda ozmi-ko‘pmi uchrab turadigan hodisalardir. Bunday misollarni yuzlab-minglab keltirishimiz mumkin.

Bizga ma’lumki, “korrupsiya” so‘zi lotinchadan kelib chiqqan bo‘lib, pora evaziga sotib olish, buzulish, sotilish degan ma’nolarni bildiradi. Jarayonni soddaroq qilib aytganda, bu termin mansabdor shaxsning osongina-mo‘maygina mablag‘ uchun qonun va axloq me’yorlariga zid ravishda mansab vakolatlari va qonunlarni suiste’mol qilishi tushuniladi. Inson yaralibdiki nafs bor, inson yaralibdiki xatoga yo‘l qo‘yadi. Nafs manfaati tufayli insonlar nohaqdan-nohaq hukmdoru sudyalarning jabrini chekkan. Bejiz ilohiy kitoblar sanalmish Injil va Qur’oni Karimda o‘zgalar mol-mulkini egallab olmaslik haqida oyatlar nozil bo‘lmagan. Bundan ko’rinib turibdiki, muqaddas dinlarimizda ham bu illatning qanchalik gunohligi ham aytib o‘tilgan. Korrupsiya nafaqat dunyo miqyosida qolaversa, jonajon vatanimiz O‘zbekistonda ham turli sohalarning rivojlanishiga katta to‘siq bo‘lib kelmoqda. Korrupsiya insonlar hayotiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Uning jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy muammolar natijasida turli ko‘rinish va turli shakllarda namoyon bo‘ladi. Xo‘sh korrupsiya bu darajada ildiz otishiga nima sabab bo‘lmoqda? Men bu savolga o‘zimdan kelib chiqib javob beradigan bo‘lsam, achchiq haqiqat shuki, insonlarda qonunga itoatkorlik his-tuyg‘ulari, ijtimoiy-madaniy jamiyatning intizomsizligi, fuqarolarning tartibsizligi va qonun-qoidalardan yetarli darajada axborotga ega emas ekanligidir. Ya’ni bir achchiq haqiqatlardan biri davlatning kuchsiz kadrlar siyosatidir. Bu sabab kelib chiqishiga o‘zimizning “qarindosh-urug‘chilik” munosabatlarining ildiz otayotgani, yetuk ishchi kadrlar qolib mo‘maygina daromad bergan “o‘zimizning tanishlar kiraqolsin” qabilida ish tutishlardir. Har bir inson ehtiyojlari cheksiz. Yaxshi yashash qabilida pul topish usullarini o‘ylab, osongina poraxo‘rlikka, ko‘z bo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilmoqda. Aksariyat davlat tashkilotlarida ishlaydigan mutasaddilar “ro‘zg‘or tebratish uchun” “qing‘ir” yo‘llarni qidira boshlaydi. Avvaliga noilojlikdan vijdoniga qarshi borib bu ishga qo‘l ursa, bora – bora nafsi hakalak otib “hoy-u havaslari” ham ulkanlashib boraveradi. Natijada jarag‘-jarag‘ pullarga ega bo‘lib, ishlarini davom ettirishadi. Ularning buzuq nafsi ortidan minglab kishi jabr chekishadi. Afsuski, bu esa mamlakatning iqtisodiyotiga, yoshlar ongiga, inson manfaatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu illatga faqatgina mansabdor shaxslar emas balki, biz ham kattagina aybdor bo‘lib qolayapmiz. Bu illatga qaysidir ma’noda ko‘pincha e’tiborsizligimiz, o‘zimizga yuklatilgan mas’uliyatni yetarlicha his eta olmasligimiz yoki qisqa qilib aytganda atrofdagi bo‘layotgan voqealarga ko‘z yumib ketayotganimizdir. Korrupsiyaning bugungi kunda keltirib chiqarilayotgan oqibatlari shunchalik darajada yuqori bo‘lib kelmoqdaki, ta’bir joiz bo‘lsa, mamlakatni ichidan yemiradigan illat sifatida ko‘rinmoqda. Hozirgi kunda qay darajada qonunga xilof tarzda suiste’mol qilinayotgan mablag‘larni hech kim aniq aytib berolmaydi. Madomiki, bu mablag‘lar qonuniy tarzda davlatimiz hisob-kitoblari orqali ijtimoiy rivojlanishga ishlatilganida edi, qancha-qancha o‘zgarishlar ro‘y bergan bo‘lar edi. Mayli mablag‘larni qo‘yavering, insonlarning dunyo qarashlariga yetkazayotgan ziyonlarini so‘z bilan ta’riflash juda murakkabligi hammamiz uchun achinarlidir. Ayniqsa, o‘sib-unib kelayotgan yoshlarni dunyo qarashini zaiflashtirmoqdaki, asli qo‘yavering. Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov “O‘zbekiston kelajagi yoshlar qo‘lida” deb bejiz aytmaganlar. Biz qanday fikr-g‘oya yuritsak, mamlakatimiz taqdirini shunday hal qilamiz. Ertamiz o‘z qo‘limizda, agarda biz o‘zimiz ustimizda ishlasak, oilamiz uchun, yurtimiz kelajagi uchun sitqi dildan sodiq xizmat qilsak, albatta bizni Rabbim qo‘llaydi, bizni har xil balo-qazolardan ota-onamiz duolari asraydi. Albatta bizning kelajagimiz porloq bo‘lishiga men ishonaman. Shunday ekan Aziz o‘quvchilar! Aziz do‘stlar! Biz bu “korrupsiya” deb atalmish illatga birga kurashaylik! O‘zimizning vijdonimizni har xil “nafsiy balolar”dan tozalaylik, hayotga haqiqat ko‘zi bilan qaraylik. O‘shanda biz aniq maqsadga erishamiz! Yana shu narsani unutmaylik, Dunyo dunyoligicha go‘zaldir, yashamoq esa bizga berilgan eng oliy baxt hisoblanadi. Mana shuning uchun “nega men baxtsizman, nega hayot beshavqat” degan so‘zlarni ishlatmaylik. Chunki bizni oldinda porloq kelajak kutmoqda! E’tiboringiz uchun rahmat!


Najmiddin Boymurodov


Comments


Obuna shakli

Ma'lumot yuborildi. Rahmat!

+998906736433

Qarshi shahri Mustaqillik ko'chasi 225-uy. Indeks: 180100, O'zbekiston

©2021 Konchilar KANALI web.

bottom of page